Urgut tumanining Katta Sanchiqul qishlog‘ida esa bir million so‘mdan berilishi lozim bo‘lgan moddiy yordam pulining 100 ming so‘mini mahalla raisi ushlab qolgan. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Navro‘z Rizayev va G‘ayrat Abdiyev ma’lum qildi.




Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida 2020-yil 20-avgust kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqqa ko‘ra, shahar va tuman sessiyalarida ishtirok etib, hokimlar aholining ehtiyojmand qatlamini qay darajada qo‘llab-quvvatlashini o‘rgangan.

“Samarqand viloyatining tumanlarida o‘tkazilayotgan sessiyalarda aholining ijtimoiy qatlamini ro‘yxatda olish va kam ta’minlangan oilalarga berilayotgan pullardan ushlab qolish holatlari aniqlangan, — dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Navro‘z Rizayev. — Masalan, Toyloq tumanidagi sektorlar faoliyati o‘rganib chiqilganda, ikki yuzdan ortiq moddiy va moliyaviy ahvoli yaxshi oilalar mahalla tomonidan kam ta’minlanganlar ro‘yxatiga kiritilgani ma’lum bo‘lgan. Afsuski, bunday holat viloyatning boshqa tumanlarida ham bor”.

Deputatlarning ta’kidlashicha, bu borada ijobiy ishlar ham qilinmoqda. Ammo asosiy e’tirozlar mahalla, mahalla kotiblari va o‘sha mahalla bo‘g‘inidagi mutasaddilarning mas’uliyatsizligi sabab kelib chiqmoqda.

“Prezidentimiz o‘tkazgan yig‘ilishdan so‘ng sektor rahbarlari bunday holatlarga jiddiy munosabat bildirmoqda. Biz umid qilamizki, ular aniqlangan noqonuniy harakatlarning oxiriga yetadi. O‘z navbatida bizlar ham o‘z takliflarimizni kiritdik, — dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati G‘ayrat Abdiyev. — Aniqlangan kamchiliklardan so‘ng ro‘yxat qayta shakllantirilib, bo‘shab qolgan joylarga haqiqiy muhtoj oilalar kiritilmoqda”.

Qo‘shimcha qilinishicha, ayrim joylardagi mahalla raislarining fermer xo‘jaligi ham bor bo‘lib, ular ishchilariga oylik so‘ramaslik sharti bilan ehtiyojmand aholiga berilishi lozim bo‘lgan yordam pullarini ularga berib yuborgan.

“Urgut tumanining Katta Sanchiqul qishlog‘ida kam ta’minlangan oilalarga berilgan bir million so‘m pulning yuz ming so‘mini mahalla raisi ushlab qolgan. Bizning borishimizni eshitgan rais odamlarga yana yuz ming so‘mdan tarqatib, shikoyat qilmasligini aytgan”, — dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Navro‘z Rizayev.

Oliy Majlis deputati G‘ayrat Abdiyev vijdonsizlikka yo‘l qo‘ygan mahalla raislariga qattiq chora ko‘rilishi haqidagi taklif sessiya qaroriga ham kiritilishi tarafdori ekanligini qo‘shimcha qildi.

“Albatta, huquqni muhofaza qiluvchi organlar ishlayapti. Ammo kengash qarorlariga kiritilsa, nazorat yana kuchaytiriladi. Bu orqali biz qarorning mana shu qismi nimaga bajarilmadi, degan savolni o‘rtaga qo‘ya olamiz. Men mahalliy kengash deputatlarining hammasini faollikka va hamkorlikka chaqiraman. Chunki bunday holatga ko‘z yumib bo‘lmaydi. Sessiyalarda deputatlarning faolligi oshgan. Ammo baribir hali tahlilga kirishilgan emas. Biz buni to‘xtatmaymiz. Bu masala muntazam ravishda muhokama qilinadi va muvofiqlashtiriladi. Sababi avval qilingan xatoni qaytarmaslik kerak. Axir xalqni aldab bo‘lmaydi”, — dedi G‘ayrat Abdiyev.

Manba: Daryo.uz

By G'ayrat Qurbonov

Bloger, iqtisodchi

Izoh qoldirish

%d bloggers like this: