Chiroqchi tumanida tarvuz yetishtiruvchi dehqonlar 2020 yil 7 ta davlatga 100 ming tonna tarvuz eksport qiladi. Bu haqda «Nasafnews» Chiroqchi tuman hokimligi axborot xizmatiga asosan xabar berdi.

Xabarga ko‘ra, ayrim dehqonlar tomonidan yetishtirilgan tarvuzlar pishib, yirik savdo markazlariga  yetkazib berilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, 2020 yil 385 ta fermer xo‘jaligi va 591 ta tomorqa egalari 14 ming gektar maydonda tarvuz yetishtirmoqda. Shundan 5 ming gektardan ortiq maydonga ekilgan ertapishar tarvuz 10 maydan boshlab sotuvga chiqadi.

Dehqonlar yetishtirgan tarvuz Rossiya, Afg‘oniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Ukraina, Belarus kabi 7 ta davlatga eksport qilinadi. Dehqonlarimiz o‘tgan yili 25 ming tonna tarvuz eksport qilgan bo‘lsa, bu yil 100 ming tonna tarvuz sotishni reja qilishgan.

Kuni kecha Chiroqchi tumanining «Utmayli» mahalla fuqarolar yig‘inida tarvuz yetishtiruvchi dehqonlar va eksportyorlar o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Viloyat hokimi Zoyir Mirzayev boshchiligida o‘tgan ochiq muloqotda respublikamizning turli viloyatlaridan Chiroqchiga kelgan eksportyorlar Chiroqchida yetishtirilgan tarvuz-qovun va poliz ekini mahsulotlarini dunyo bozorlariga olib chiqishni, xorij bozorlarida O‘zbekistonda yetishtirilgan poliz ekini mahsulotlariga talab yuqoriligini  aytib o‘tishdi.

By G'ayrat Qurbonov

Bloger, iqtisodchi

Izoh qoldirish

%d bloggers like this: