Insoniyat jamiyati borki, unda odamlar o‘zaro muloqotda bo‘ladi, turli munosabatlar o‘rnatadi va albatta har xil ko‘rinishda oldi-berdi ham bo‘ladi. Xususan, qo‘ni-qo‘shnilar va tanish-bilishlar o‘rtasida biror buyumlarni foydalanish uchun berib turish, ijaraga taqdim etish holatlaridan tashqari, qarz oldi-berdisi ham bo‘lishi shubhasiz. Qarz umuman olmayman, yoki umuman qarz bermayman, degan inson dunyo hayotida topilmasa kerak, ya’ni har qanday inson umrida bir marta bo‘lsin, kimdandir qarz oladi yoki kimgadir qarz beradi.

Shu bilan birga, qarz oldi-berdisi bilan bog‘liq munosabatlarda qarz olganning o‘z vaqtida qaytarmasligi yoki qarzni qaytarishga shoshilmasligi, qarz berganning haqini talab qilishida haddidan oshishi, zulm qilishi kabi holatlar tez-tez quloqqa chalinadi.

Ayni chog‘da, Islomda qarz berishning yana bir tushunchasi ham borki, bu ham bo‘lsa, Allohning O‘ziga chiroyli qarz – qarzi hasana berishga bo‘lgan chaqirig‘idir.

Xo‘sh, Islomda bu ijtimoiy muomala qanday tartibga solinadi? Islom moliyasi saytida e’lon qilingan maqolada shu savolga javob olishingiz mumkin.

«Qarz» so‘zining lug‘aviy ma’nosi «kesish» degani. Qarz beruvchi o‘z molidan bir qismini kesib (uzib) bergani bois shunday deyilgan. Qarz, «kimdir foydalanishi va qaytarib berishi uchun berilgan mablag‘», – deya ta’riflangan. Qarz beruvchi bergan qarzidan ortig‘ini talab qilishi, ribo (sudxo‘rlik)dir. «Qarzi hasan» – yaxshi qarz degani. Demak, qarz berishning yaxshisi ham, yomoni ham bo‘ladi.

Qarz, qaytarish sharti bilan Alloh taolo roziligini istab muayyan muddatga beriladi. Ammo qarzni kechib yuborgan yaxshiroqdir, zero Alloh taolo Baqara surasi, 280-oyatida shunday marhamat qiladi:

«Agar (qarzdor) qiynalsa, boyigunga qadar kutish lozim. Agar bilsangiz (bergan qarzingizni qarzdorga) cadaqa qilmog‘ingiz, o‘zingiz uchun yaxshidir».

Qur’oni karimda «qarzi hasan» iborasi bir necha bor zikr etilgan, jumladan Hadid surasining 11-oyatida Alloh taolo:

«Allohga yaxshi qarz beradigan kishi bormi?! Bas, U zot unga bir necha marta ko‘paytirib qaytaradi va unga karamli ajr bor», – deya xitob qiladi.

Mufassirlar qarzi hasananing mukofoti jannat, deyishgan.

Qarzdor noqulay holatda bo‘ladi. Ana shu holatni e’tiborga olib, qarzdorga osonlik yaratgan boyga qiyomat kuni Alloh taolo tomonidan osonlik yaratilar ekan.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim kambag‘alga muhlat bersa yoki undan ba’zisini o‘tib yuborsa, uni Alloh qiyomat kunida, O‘zining soyasidan boshqa soya yo‘q kunda Arshining soyasiga oladi», – dedilar». Imom Termiziy rivoyat qilgan va sahih degan.

Albatta qarzdor qarzini va’da qilingan kunda yoki iloji bo‘lsa undan oldinroq qaytarishi kerak. Olgan qarzini mol-mulkini sotib bo‘lsa ham uzishi shart. Qarzni uzish zarurligi islomda shu qadar kuchli ta’kidlanganki, qarzdan qutilish uchun sadaqa yoki zakot so‘rashga ham izn berilgan. Chunki bu masala nafaqat moliyaviy, balki ma’naviy majburiyatdir.

Qarzni to‘lashga qodir bo‘la turib uni o‘z vaqtida to‘lamaslik harom

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam qarz yuki, ayniqsa qaytarilmagan qarzning xunuk oqibatlari haqida ogohlantirib, undan ehtiyot bo‘lishga chaqirganlar.

«Nabiy sallallohu alayhi va sallam bomdodni o‘qib bo‘lib, uch marta: «Bu yerda Banu Fulondan kim bor?», – dedilar. Bir kishi: «Men», – dedi. «Sohibingiz qarzi tufayli jannatdan to‘silib turibdi», – dedilar». (Imom Ahmad rivoyat qilgan).

Islom bankchiligida qarzi-hasan tushunchasi

Islom moliyasi bo‘yicha taniqli olim Munavvar Iqbol qarzi-hasanni quyidagicha ta’riflagan:

«Foizsiz qarz. Bank bunday qarz shartnomasi tuzgan holatda mijozga ma’lum bir pul miqdorini beradi, mijoz esa aytilgan muddatda qarzni qaytarish majburiyatini oladi. Bank, qarzni qaytarish kafolati sifatida garov talab qilish huquqiga ega. Qarzni qaytarayotgan mijoz ma’muriy xarajatlarni (ya’ni bankning shu qarzni berish bilan bog‘liq turli xarajatlari) qoplash uchun ixtiyoriy mukofot – hiba ko‘rinishida bankka ma’lum bir miqdorda pul berishi mumkin».

Bugungi kunda ba’zi ulamolar qarz faqat foizsiz bo‘lishi mumkin, qarzi hasan esa Alloh taolo roziligi yo‘lida qilingan ehsondir. Alloh bandalari orasida, shu jumladan O‘zbekiston mo‘min-musulmonlari ichida O‘ziga qarzi hasana beradigan bandalarini ko‘paytirsin!

By G'ayrat Qurbonov

Bloger, iqtisodchi

Izoh qoldirish

%d bloggers like this: